• Dilshod Rahmonov - Tashna hislar

    Dilshod Rahmonov

    Tashna hislar

    Tashna hislar ichra tanho
    Kezganimda bog` aro,
    Duch kelding-u olib ketding
    Halovatim, dilrabo.

    Navo bilan salom yo`llay,
    Olib o`tsin sho`x sabo.
    Havolansin dillar aro
    Samolarda bu sado.

    Nozik xulq-u nazokatda,
    Husni jamolim mening.
    Dil darchasin chertgil asta,
    Otash mehrim payvasta.

    Visolingga oshufta dil,
    Bu shirin jon vobasta.
    Qo`llaringda kamalakmu,
    Quyosh tuzgan guldasta?

    Ishqi tushib osmonda oy,
    Boqmish mamnun havasda.
    Hayot bog`im, chamanzorim,
    Ko`kda hilolim mening.

    Sayyoralar so`roqlarmish
    O`zligin osmonlarda.
    Qoldirma, yor, aslo meni
    Shubha-yu gumonlarda.

    Ketmay yana bu olamdan
    Alamli armonlarda.
    Ishqimizni ardoqlaylik,
    Kel, nurli bo`stonlarda.

    Muhabbatim, umrim naqshi,
    O`tli visolim mening. (x2)

    O`tli visolim mening…

    Ushbu qo`shiq matni uchun Rauf Nazirjonovga minnatdorchilik bildiramiz.