• Erkin Xudoyqulov - Besh o'g'il (Onajon)

    Erkin Xudoyqulov

    Besh o’g’il (Onajon)

    Yetmish yulduz yog`ilib,
    Yarim oycha to`lolmas,
    Yetti yanga yig`ilib,
    Bitta ona bo`lolmas.

    Ona tirik eshikka
    G`urbat yaqin yo`lolmas,
    Mening esa bag`rim qon,
    Vayronaman, onajon. {x2}

    Garchi biz yosh, g`o`r edik,
    Siz bor – biz ham zo`r edik,
    Bir mayizni besh o`g`il
    Teng bo`lishib yer edik.

    Goh talashsak, haq so`zni
    Onam aytsin der edik,
    Tushmi endi u zamon,
    Hayronaman, onajon. {x2}

    O`zing uchun o`l yetim,
    O`rda ham men, qirda ham.
    Ko`ylagimda tugmam yo`q,
    Tugmam bo`lsa, kir yoqam.

    To`rt yangamga qo`shilib
    Turtkilaydi to`rt akam,
    O`z uyimda jonajon,
    Begonaman, onajon. {x2}

    Yo`qligingiz qadamda
    Turar shunday bilinib,
    Non yopmaysiz tonglari
    Menga kulcha ilinib.

    Sarg`ayarman sarg`aygan
    Rasmingizga termulib,
    Ziyo istab, zor qaqshab,
    Parvonaman, onajon. {x2}

    Uy to`rida tolbeshik –
    Akam yotgan, men yotgan,
    Sherdek-sherdek kelbatli
    Besh o`g`ilga asqotgan.

    Qaytib kirib bo`lsaydi,
    Bo`lardim jon deb qaytgan!
    Men bu joyni hammadan
    Qizg`onaman, onajon. {x2}

    Yetmish yulduz yog`ilib,
    Yarim oycha to`lolmas,
    Yetti yanga yig`ilib,
    Bitta ona bo`lolmas.

    Ona tirik eshikka
    G`urbat yaqin yo`lolmas,
    Mening esa bag`rim qon,
    Vayronaman, onajon. {x2}

    Vayronaman, onajon…

    Tirik yursa volidang,
    Toqqa kuching yetarkan,
    Onang o`lsa, boshingdan
    Oftob o`tib ketarkan.

    Jindekkina alam ham
    Tog`dek botib ketarkan,
    Ko`ksim to`la ming armon,
    To`lg`onaman, onajon.

    Onasiz uy – oysiz tun
    Ekan endi o`ylasam,
    Qalbni o`rtar dardlarim,
    Qay birini so`ylasam?

    Sizsiz ko`cham befayz,
    Halovat yo`q uyda ham,
    Farishtasi tark etgan
    Ostonaman, onajon.

    Ko`ngil o`zin tutingan
    Bir mehribon qo`msaydi,
    Dunyoda bir odamga
    Siring aytib bo`lsaydi.

    Onasizni do`sti ham,
    Dushmani ham aldaydi,
    Ayting axir, men kimga
    Ishonaman, onajon?

    Yashayapman sharpadek
    Sezilmay, goh sezilib.
    Gohi ko`kka intilib,
    Gohi yerga egilib.

    Sog`inganda she’r yozib,
    Yuraklarim ezilib –
    El ichra bir shoiri
    Devonaman, onajon.