• Bolam-chaqam deb yo`lga chiqdim,
    Olis yurtdan izlab rizqimni.
    Ishlatib, so`nggi dam haydamang,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Ish bitguncha jondan azizsan,
    Ish bitgach, shu pulga arziysan.
    Deydi oz pul berib, rozi bo`l,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Qo`llarim qadoqdan yorilib,
    Qancha mashaqqatni ko`rdi-ku.
    Ey nomard, menga joning emas,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Ko`zlarin lo`q qilib baqrayib,
    Jinniga soladi o`zini.
    Haqqim ko`r qilmasin ko`zingni-ey,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Ne qo`l bilan kirib boraman
    Onamning beminnat bag`riga?
    Uchrama Xudoning qahriga,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Erkak uyga quruq kirmasin,
    Yo`qchilik boshini egmasin.
    Haqqimni ber, haqqim urmasin,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Rizosiz ishingda unum yo`q,
    Bo`lmagay hech ishda ko`ngling to`q.
    Davlating yonmasin bo`lib cho`g`,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Nafsini tiyolmas pul ko`rsa,
    Yalab simirsa-yu sidirsa.
    Haqqimni ber insofing bo`lsa,
    Faqat so`rayman haqqimni.

    Mayli, kelmasin menga rahming,
    Farzandlarimga kelsin rahming.
    Bunchalar qattiq bo`lmasa qahring,
    Faqat so`rayman haqqimni. (x2)