• Yuragim olovda, ko`ksim yonmoqda,
    Ishonchim, ko`zni yolg`on o`ymoqda.
    Bir onda xazonga aylandi bog`im,
    Kechagina kulgan baxtim tonmoqda.

    Unutish osonmi, kechmoq osonmi,
    Sen uchun shunchalar sevgi arzonmi?
    Yor eding, begona dilga aylanding,
    Bergan va’dalaring yig`lab sarsonmi?

    Gul edim bog`larda orzulari bor,
    Bahorim boshiga yog`mas edi qor.
    Nega yaproqlarim uzding bag`ritosh?
    Endi bog`larimga qaytishim dushvor.

    Yig`lamay deyman-u yig`lamay bo`lmas,
    Sensiz yuragimni ovutib bo`lmas.
    Nahot yo`llarimiz endi begona?
    Taqdirim ko`nsa ham, dilginam ko`nmas.

    Jonim degan eding, joning bo`lmadim,
    Borim degan eding, boring bo`lmadim.
    Senla tirik edim, senla bor edim,
    Alamga to`ldim-u baxtga to`lmadim.

    Gul edim bog`larda orzulari bor,
    Bahorim boshiga yog`mas edi qor.
    Nega yaproqlarim uzding bag`ritosh?
    Endi bog`larimga qaytishim dushvor.

    Ushbu qo`shiq matni uchun Rauf Nazirjonovga minnatdorchilik bildiramiz.