• Masrur Usmonov - Qizim qaynonang tillo

    Masrur Usmonov

    Qizim qaynonang tillo

    Qizginamni uzatdim,
    O`z uyiga kuzatdim,
    Ketarda bir so`z aytdim:
    Qizim, qaynonang tillo.

    Arazlab kelar qizim,
    Jovdirab turar ko`zim,
    Bezillab turib o`zim,
    Dedim: qaynonang tillo.

    Der: qaynonam tili o`q,
    Koyib, nolib, urar do`q,
    Ko`ngil bilan ishi yo`q,
    Dedim: qaynonang tillo.

    Kechirmas, burni osmon,
    Begim yaxshi, u yomon.
    Bekor aytibsan, nodon,
    Dedim: qaynonang tillo.

    Ikki qo`ldan chiqar qars,
    Muloyim bo`l, kelgin past,
    “Xo`p bo`ladi” desang bas,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Arz qilib kelganda ham,
    Har nima deganda ham,
    Qizim haq bo`lganda ham,
    Dedim: qaynonang tillo.

    Kutib olib o`zini,
    Boshlamasdan so`zini,
    Berkitaman og`zini,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Charxni buzgan parrasi,
    Qizni buzgan onasi,
    Buzmay qolsin, voy, buzmay qolsin onasi,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Qiz uzatib to`ylabman,
    Qutuldim deb o`ylabman,
    Bekorlarni so`ylabman,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Uyini uy bo`lsin deb,
    Ayrilmoqni ko`rmay ep,
    Bitta birlan o`tsin deb,
    Dedim: qaynonang tillo.

    Qizginam bir o`g`lingdir,
    Bari yurak-qo`ringdir,
    Tinchimasa sho`ringdir,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Marhaboxon yig`lab der,
    Yuragi qon bo`ldi sher,
    Tilloxonga insof ber,
    Qizim, qaynonang tillo.

    Tugamaydi g`avg`osi,
    Ado qildi savdosi,
    Qiz tuqqanning jazosi –
    Qizim, qaynonang tillo.

    Qiz tuqqanning jazosi –
    Qizim, qaynonang tillo. (x2)