• Gullar oqshom chog`ida o`yga tolar emishlar,
    Quyosh botgan tarafga qarab qolar emishlar. (x2)
    So`ng barchasi subhidam sal iymanib, nozlanib,
    Quyoshni kutar emish sharq tomonga yuzlanib. (x2)
    Atirgulim, atirgulim, atirgulim, sevgilim. {x2}

    Faqatgina atirgul sog`inch dog`lab ko`ksini,
    Quyoshi ketgan yo`ldan olmas emish ko`zini. (x2)
    Ters tomondan kun chiqqach, to`lib shabnam ko`zyoshga,
    Hayrat-u araz bilan qayrilarmish quyoshga.
    Atirgulim, atirgulim, atirgulim, sevgilim. {x2}

    Men bir darbadar odam, yo`lda kechar hayotim,
    Gulim dilda yonadi, bir iltijo, bir dodim. (x2)
    Bu dunyoda yo`l ko`pdir, gulim umrim xayolda,
    Gohi janubga botib, chiqadurman shimoldan.

    Atirgulim sevgilim, men qaylarga yelmayin,
    Ketib qaysi ko`chadan, qaysi yo`ldan kelmayin.
    Ko`zlaringni qadab qol, quyosh yanglig` dilimga,
    Kelgunimcha qarab qol, jo`nab ketgan yo`limga.

    Gullar oqshom chog`ida o`yga tolar emishlar,
    Quyosh botgan tarafga qarab qolar emishlar.

    Ushbu qo`shiq matni uchun Shahnoza (@shahnoz_art)ga minnatdorchilik bildiramiz.