• Ozodbek Nazarbekov & Orolmirzo Safarov - Gar nolisak

    Ozodbek Nazarbekov

    Gar nolisak

    [Monolog – Ozodbek Nazarbekov]
    Zulmat, qorong`ulik, sukunat.
    Bu jahon ichra bormanmi? Qo`rqib ketaman…
    Oh, bu zimiston qa’rida titilib ketmasmi vujud?
    Qaro sukunat bo`g`zida qonga belanmasmi vaqt?
    Umrning zim-ziyo yo`llariga termulib, qaro sochlar oqarmasmi?
    Najot bormi, bu tim qarolikda yorug`lik ilinji bormi?
    Oh zulmat, ko`rinmas kaftlaring bilan ojizlarning ko`zini silab, ruhini allalaysan.
    Nurga tashnalar ko`nglida esa chechaklar undirasan, qorong`ulikni ko`rishga, sukunatni tinglashga o`rgatasan.
    Oh zulmat, og`ushingda yashayotgan odamning dilida bir kun uyg`onmasmi momoqaldiroq, bir kun so`zlari chaqmoqqa aylanmasmi?
    Hayhot… Noxos ko`ngilning qorong`u osmonida yulduzlar charaqlay boshlaydi, qalb tunida oy nuri uxlab tushlar ko`radi,
    dil shomida sevinchlar shudring bo`lib yog`iladi.
    Tiyra sukunat parchalarida xokisor bandalarning yorug` munojoti aks-sado topadi.

    [Orolmirzo Safarov]
    Zulmat ichra o`tar mening tun-u kunim,
    Men ham sizday ko`rgim kelar oy-quyoshni.
    Lek taqdirdan nolimasdan yashayman jim,
    Faryod solib, toshga urmam aziz boshni.

    Lek taqdirdan nolimasdan yashayman jim,
    Faryod solib, toshga urmam aziz boshni.
    Shukur deyman – oyoq-qo`lim salomatdir,
    Gar nolisam, bu Xudoga malomatdir.

    [Ozodbek Nazarbekov]
    Ming bor shukur, ko`kka yetar bo`ylarimiz,
    Har kun to`yga ulanmoqda to`ylarimiz.
    Tirik jonning rizqin berar qodir Xudo,
    Elga tinchlik so`rar duogo`ylarimiz.

    Ne`matlarning eng yaxshisi halovatdir,
    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir.

    [Ozodbek Nazarbekov va Orolmirzo Safarov]
    Ne`matlarning eng yaxshisi halovatdir,
    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir.

    [Orolmirzo Safarov]
    To`rt yonimda topganim – chin yor-u do`stlar,
    Bilinmaydi uncha-muncha kamu ko`stlar.
    Farzandlarim kulgusini eshitsam bas,
    Hotirjamman, ko`rmasa ham mayli ko`zlar.

    Qalbing bilan ko`rish ham bir karomatdir,
    Gar nolisam, bu Xudoga malomatdir.

    [Ozodbek Nazarbekov]
    Kimga erta, kimgadir kech kelgay davron,
    Kimlargadir shu kunlar ham bo`lgan armon.
    Sinovlarga sabr qilmoq qanday go`zal,
    Shunda o`zi qo`llar bizni buyuk Rahmon.

    Shukur qilmoq mo`minlikdan dalolatdir,
    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir.

    [Ozodbek Nazarbekov va Orolmirzo Safarov]
    Ne`matlarning eng yaxshisi halovatdir,
    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir.
    Tiriklikning o`zi ham zo`r mukofotdir,
    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir.

    Gar nolisak, bu Xudoga malomatdir…
    O-ooy,
    Tiriklikning o`zi ham zo`r mukofotdir…

    Ushbu qo`shiq matni uchun Shaxboz Nazirjonov va Shahnoza (@shahnoz_art)ga minnatdorchilik bildiramiz.