• Ko`zim nuri, latofatda
    Na xush ozoda janonsan.
    Nechuk ham yaxshi janonsan,
    Mening jismim aro jonsan.

    Sening mehring bilan to`lgan
    Dilimda ne tilak bo`lsa,
    Dedim: qosh-u qabog`imdan
    Yaqin yor-u qadrdonsan.

    Bahor ayyomidek zavqim
    To`lib to`lqin urar ko`rsam.
    Ochilgan g`unchadek yashnab,
    Xazonsiz bir gulistonsan.

    Gulandonim, diloromim,
    Muloyim rohatijonsan.
    Ko`zim nuri, latofatda
    Na xush ozoda janonsan.

    Gulandonim, diloromim,
    Muloyim rohatijonsan.
    Nechuk ham yaxshi janonsan,
    Mening jismim aro jonsan.

    Chamanda qo`lga soz olsang,
    Navoiydan o`qib-kuylab,
    Qolur hayratda bulbullar,
    Shirin kuychi, g`azalxonsan.

    Qoshimdan ketma bir soat,
    Ko`ngil tashna visolingga.
    Ko`zim to`ysin jamolingga,
    Aziz hurmatli mehmonsan.

    Adibi kechalar o`ylab,
    Ulashgay tunlarim kunga.
    Ko`zimdin uyqi begona,
    Ilojin qil, bilimdonsan.

    Gulandonim, diloromim,
    Muloyim rohatijonsan.
    Ko`zim nuri, latofatda
    Na xush ozoda janonsan.
    Gulandonim, diloromim,
    Muloyim rohatijonsan.
    Nechuk ham yaxshi janonsan,
    Mening jismim aro jonsan. (x1+x1)