• Afrosiyob o`rnida qad ko`targan,
    Ko`kragiga Chingiz tig`i qadalgan.
    Bugun dunyo sayqali deb atalgan,
    Samarqandning Registoni tabarruk.

    Moziylardan so`ylar moviy gumbazlar,
    Madrasa-yu qancha masjid meroslar. (x2)
    Motirudiy, Qusam ibn Abboslar,
    Buxoriylar nur makoni tabarruk.

    Maqbaralar Temuriylar savlati,
    Shohi Zinda, Go`ri Amir hayrati.
    Bibihonim – go`zallikning ziynati,
    Xoja Axror oshiyoni tabarruk.

    Avlodi bekmi yo xonga tutashgan,
    Kim bo`lsa qoni bir qonga tutashgan,
    Tomiri yurakka, jonga tutashgan,
    Tojdorlar-u ham xoqoni tabarruk.

    Dunyo ahli ko`rdi qaddi bo`ylarin,
    O`tar har yil Sharqning sa`at to`ylari.
    Ustoz Xoji Abdulaziz kuylari,
    “Qurbon o`lam” , “Bozurgon”i tabarruk.

    Mashhur “Siyob” bozorini kim bilmas?
    Urgut mayiziga novvot teng kelmas.
    Sayyohlarga tashrif qog`oz shart emas,
    Osiyoki shirmoy noni tabarruk.

    Shoh Ulug`bek Ko`ragoniy tabarruk,
    Samarqandning Registoni tabarruk.