• Ravshan Komilov - Sohibkamolim

    Ravshan Komilov

    Sohibkamolim

    Do’stlar, bir dilbari, joni jahonim bor mani,
    Lablari shahdu shakar, shirin zabonim bor mani.
    Qomati sarviravon, g’unchada holim bor mani,
    Kiprigi nayza misol, qoshi-kamonim bor mani,
    Otashi ishqida yongan, xasta jonim bor mani.

    Tinglasa dardu-g’amim, hatto azim tog’lar cho’kar,
    Ko’z yoshim ko’rsa falak, yuz yil yana ko’z yosh to’kar.
    Tohiru Farhodi, Shirin tiz cho’kib, boshin bukar,
    Har kecha zor chekkan ohim xasta dil chokin so’kar,
    Hajrida yuz nolayu, ohu-fig’onim bor mani.

    Ko’rsa holim, yig’lagay shohu gadolar zor-zor,
    Chunki mendek yor topilmas ish aro Majnuni xor.
    Oy jamolingni bezar, ko’nglingdagi ishqi xumor,
    Ko’rdimu devona bo’ldim, ketdi qo’ldan ixtiyor,
    Ming shukr senday go’zal, oromi jonim bor mani.

    Ey, dilrabo yoningda bo’lmoq men uchun faxru g’urur,
    Aylasa bir bo’sa ehson, jon topar jonim surur.
    Qil kabi nozik belingdin borlig’im olgay huzur,
    Noz ila boqishlaring qalbimga sochgay mehru nur,
    Gulshani umrimda sendek mohitabonim bor mani.

    Olam ichra yo’q erur sendek pari, nozik nihol,
    Bir qiyo boqsang, bo’lar ahli-jahon husningga lol.
    Qolmagay armoni zarra, lablaringdan totsa bol,
    O’zi sulton his etar bu xasta hol, sohibkamol,
    Yig’lamas dil, chunki sendek mehribonim bor mani.