• Sevara Nazarxon - Ulug'imsan Vatanim

    Sevara Nazarkhan

    Ulug’imsan Vatanim

    Men dunyoni nima qildim,
    O’zing yorug’ jahonim,
    O’zimga bek, o’zim sulton,
    Sen taxti Sulaymonim.

    Yolg’izim, yagonam deymi,
    Topingan koshonam deymi,
    O’zing mening ulug’lardan
    Ulug’imsan.

    Sen Xo’jandsan, chingizlarga
    Darvozasin ochmagan,
    Temur Malik orqasidan
    Sirdaryoga sakragan.

    Muqannasan qorachig’i
    Olovlarga sachragan,
    Shiroqlarni ko’rgan cho’pon
    Cho’lig’imsan, Vatanim.

    Shodon kunim gul otgan sen,
    Nolon kunim yupatgan sen,
    Yuzing bosib yuzimga,
    Singlim deymi, onammi,
    Ilig’imsan, Vatanim, o’zingsan.

    Sen – shoxlari osmonlarga
    Tegib turgan chinorim o’zingsan,
    Ota desam, qizim deb,
    Bosh egib turgan o’zing,
    Ulug’imsan, Vatanim.

    Kim Qashqarni qildi makon,
    Kim Enasoy tomonda,
    Jaloliddin – Kurdistonda,
    Boburing – Hindistonda.

    Bu qanday yuz qarolig’ deb,
    Yotarlar zimistonda,
    Tarqab ketgan to’qson olti
    Urug’imsan, Vatanim.

    Qizim desang osmonlarga
    G’irot bo’lib uchgayman,
    Chambil yurtda Alpomishga
    Qayliq bo’lib tushgayman.

    Padarkushdan pana qilib,
    Ulug’beging quchgayman,
    G’ichir-g’ichir tishimdagi
    So’lig’imsan, Vatanim.

    Shodon kunim gul otgan sen,
    Nolon kunim yupatgan sen,
    Yuzing bosib yuzimga,
    Singlim deymi, onammi,
    Ilig’imsan, Vatanim, o’zingsan.
    Sen – shoxlari osmonlarga
    Tegib turgan chinorim o’zingsan,
    Ota desam, qizim deb,
    Bosh egib turgan o’zing,
    Ulug’imsan, Vatanim. (x2)

    Ulug’imsan…