Ona turar qo`lda guldasta,
Qurol tutgan haykal qoshida.
U tomonga boqardi asta,
Xastalangan ko`zda yosh ila.

Go`yo ona so`zlardi unga,
U ham quloq solar edi jim.
Aytgil bola, seni bu yerda
Ushlab qolgan buncha yil u kim?

Nega buncha yo`lga qaratding,
Nahot onang unutgan bo`lsang?
Soch oqarib, madorlar ketdi,
Nahot bola, buni bilmasang?

Soch oqarib, madorlar ketdi,
Sen bolajon, buni bilmasang?

Shu payt olam jimlikka cho`kdi,
Faqat ona pichirlar hamon.
Haykal esa boshin ko`tarib,
Mag`rur boqar onaizor tomon.

Onajonim, oq suting haqqi,
Aytganingni man bajo qildim.
Yurtim uchun kerak bo`lganda
Aytganingdek jon fido qildim.

Kechir mani, aziz onajon,
Kechikkanim boisi shudir.
Endi ona, boshingni ko`tar,
Axir bu kun g`alaba kundir.

Endi ona, boshingni ko`tar,
Axir bu kun g`alaba kundir.

Ona turar qo`lda guldasta,
Qurol tutgan haykal qoshida.

Qo'shiq haqida ma'lumot

Nomi:
Ona turar
Xonanda:
Sherali Jo'rayev
Muallif:
Bastakor:
Klipmeyker:
Albom:
Yubordi:
Sana:
May 9, 2016