Sherali Jo'rayev - O'zbegim

Sherali Jo'rayev

O’zbegim

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o’zbegim, (x2)
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o’zbegim.

So’ylasin Afrosiyobu
So’ylasin O’rxun xati,
Ko’hna tarix shodasida
Bitta marjon, o’zbegim.

Al-Beruniy, Al-Xorazmiy,
Al-Farob avlodidan,
Asli nasli balki O’zluq,
Balki Tarxon, o’zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag’rida dog’ uzra dog’,
Chingizu Botu tig’iga
Ko’ksi qalqon, o’zbegim.

Chingizu Botu tig’iga
Ko’ksi qalqon, o’zbegim.

Tuzdiyu Mirzo Ulug’bek
Ko’ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk
Qo’ydi narvon, o’zbegim.

Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo’ldi
Shohu sulton, o’zbegim.

Mirzo Bobur – sen, fig’oning
Olam uzra soldi o’t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug’yon, o’zbegim.

Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug’yon, o’zbegim.

Ortda qoldi ko’hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam, (x2)
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o’zbegim. (x2)

Qayga borsam, boshda do’ppim,
G’oz yurarman gerdayib,
Qayga borsang, boshda do’pping,
G’oz yurarsan gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O’zbekiston, o’zbegim.

Olam uzra nomi ketgan
O’zbekiston, o’zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko’ksi osmon, o’zbegim.

Lek Navoiydek bobom bor,
Ko’ksi osmon, o’zbegim.

Bo’ldi osmoning charog’on
To’le xurshidi bilan,
Bo’ldi asriy tiyra shoming
Shu’la afshon, o’zbegim.

Madh etarman, ona yurtim,
Ko’kragimni tog’ qilib,
Ko’ksida tog’lar ko’targan
Tanti dehqon, o’zbegim.

Ko’ksida tog’lar ko’targan
Usta dehqon, o’zbegim.

O’zbegim, deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O’zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o’zbegim.

Men buyuk yurt o’g’lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo’lsam
Sodiq o’g’lon, o’zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o’g’lingman, qabul et,
O’zbegim, jon o’zbegim. (x2)

Erkin o’g’lingman, qabul et,
O’zbegim, jon o’zbegim.

Qo'shiq haqida ma'lumot

Nomi:
O’zbegim
Xonanda:
Sherali Jo'rayev
Muallif:
Bastakor:
Klipmeyker:
Albom:
Yubordi:
Sana:
December 18, 2015

O'xshash qo'shiqlar matnlari