• Sherali Jo'rayev - O'zbekiston

    Sherali Jo'rayev

    O’zbekiston

    Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
    Qiyosingni topmadim aslo.
    Shoirlar bor, o`z yurtin butun –
    Olam aro atagan tanho.
    Ular she`ri uchdi ko`p yiroq,
    Qanotida kumush diyori,
    Bir o`lka bor dunyoda, biroq
    Bitilmagan dostondir bori:
    Faqat ojiz qalamim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Yurmasman hech behishtni izlab,
    Topolmasam chekmasman alam.
    O`tirmasman ertaklar so`zlab,
    Musallo deb yo`nmasman qalam.
    Ko`klamingdan olib sururni,
    Dovrug` soldi ustoz Olimjon,
    G`afur G`ulom tuygan g`ururni
    Qilmoq mumkin dunyoga doston.
    Olis tarix qadamim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Kechmishing bor chindan ham uzoq,
    Ilg`ay olmas barchasin ko`zim.
    Maqtamasman moziyni biroq,
    O`tmishingni o`ylayman bir zum.
    Zabtga olib keng Osiyoni,
    Bir zot chiqdi mag`rur, davongir,
    Ikki asr yarim dunyoni
    Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
    Aytgum, bu kun, u manim, manim.
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Bobolardan so`z ketsa zinhor,
    Bir kalom bor gap avvalida.
    Osmon ilmi tug`ilgan ilk bor
    Ko`ragoniy jadvallarida.
    Qotil qo`li qilich soldi mast,
    Quyosh bo`lib uchdi tilla bosh.
    Do`stlar, ko`kda yulduzlar emas,
    U, Ulug`bek ko`zidagi yosh.
    Erda qolgan, o, tanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Ko`z oldimdan kechar asrlar,
    Ko`z-ko`z etib nuqsu chiroyin.
    Sarson o`tgan necha nasllar,
    Topolmasdan tug`ilgan joyin.
    Amerika – sehrli diyor,
    Uxlar edi Kolumb ham hali,
    Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
    Beruniyning aql mash’ali.
    Kolumbda bor alamim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Ko`p jahongir ko`rgan bu dunyo,
    Hammasiga guvoh yer osti.
    Lekin, do`stlar, she’r ahli aro
    Jahongiri kam bo`lar, rosti.
    Besh asrkim, nazmiy saroyni
    Titratadi zanjirband bir she`r.
    Temur tig`i yetmagan joyni
    Qalam bilan oldi Alisher.
    Dunyo bo`ldi chamanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Bobolardan so`zladim, ammo
    Bir zot borkim, baridan suyuk:
    Buyuklarga baxsh etgan daho,
    Ona xalqim, o`zingsan buyuk.
    Sen o`zingsan, eng so`nggi nonin
    O`zi yemay o`g`liga tutgan.
    Sen o`zingsan, farzandlar shonin
    Asrlardan opichlab o`tgan.
    Ona xalqim, jon-tanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Bosh ustingdan o`tdi ko`p zamon,
    O`tdi Budda, o`tdi Zardushti.
    Har uchragan nokasu nodon,
    Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
    Seni Chingiz g`azabga to`lib
    Yo`qotmoqchi bo`ldi dunyodan.
    Jaloliddin samani bo`lib
    Sakrab o`tding Amudaryodan.
    Sensan o`shal samanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Toleingda bor ekan yashash,
    Goh qon ichding, gohida sharob.
    Yetmoq bo`lib yurtim xomtalash,
    Bosh ustingga keldi inqilob.
    Chora istab jang maydonidan
    Samolarga uchdi unlaring,
    Shahidlarning qirmiz qonidan
    Alvon bo`ldi qora tunlaring.
    Qonga to`lgan kafanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Lekin oftob poymol o`lmas,
    Kavaklarda qolmas oy nuri,
    Odil hakam – haq bor, beg`araz,
    Mazlumlarning buyuk g`amxo`ri.
    Qilich serpab tole tongida
    O`zligingni tanib qolding sen.
    O`g`lonlarning qatra qonida
    O`zbekiston nomin olding sen.
    Nomi qutlug` gulshanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Tinch turarmi bu ko`hna olam,
    Tinch turarmi dog`uli zamon.
    Oromingni buzdi sening ham
    Fashist degan vahshiy olomon.
    Qonim oqdi Danoigda manim,
    Sobir Rahim yiqilgan chog`da.
    Lekin, yurtim, kezolmas g`anim
    O`zbekiston atalgan bog`da.
    Sensan nomus va sha’nim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Kech kuz edi, men seni ko`rdim,
    Derazamdan boqardi birov.
    U sen eding, o, dehqon yurtim,
    Turar eding yalangto`sh, yayov.
    – Tashqarida izillar yomg`ir,
    Kir, bobojon, yayragil bir oz.
    Deding: – Paxtam, qoldi-ku axir,
    Yig`ishtiray kelmasdan ayoz.
    Ketding, umri mahzanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Sen ketarsan balki yiroqqa,
    Farg`onada balki, balqarsan.
    Balki chiqib oqargan toqqa,
    Cho`pon bo`lib gulxan yoqarsan.
    Balki ustoz Oybekdek to`lib
    Yozajaksan yangi bir doston.
    Balki Habib Abdulla bo`lib,
    Sahrolarda ochajakson kon.
    Tuprog`i zar, ma’danim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
    Fazolarga qo`ysang ham qadam,
    O`zligingni unutma aslo,
    Unutma hech, onajon o`lkam.
    Bir o`g`lingdek men ham bu zamon
    Kechmishingni qildim tomosha.
    Iqbolingni ko`roldim ayon
    Istiqlolning ufqlari osha.
    Iqboli hur, sho`x-sha’nim manim.
    O`zbekiston, Vatanim manim.

    Zavol ko`rma hech qachon, o`lkam,
    Zavol bilmas shu yoshing bilan.
    Muzaffar bo`l, g`olib bo`l, o`ktam,
    Do`stu yoring, qardoshing bilan.
    Asrlarning silsilasida
    Boqiy turgay koshonang sening.
    Ulug` bashar oilasida
    Mangu yorug` peshonang sening.
    Mangu yorug` maskanim manim,
    O`zbekiston, Vatanim manim.