• Sherali Jo'rayev - Qoshi kamonim

    Sherali Jo'rayev

    Qoshi kamonim

    Yaxshi ham, yomon ham kunlarim o`tdi,
    Do`stim deganlari yuz burib ketdi,
    Mardlikda lof urib nomardlik yetdi,
    Yo`limda tugunlar turgan zamonim,
    Mendan yuzing burma, qoshi kamonim,
    Sen-da yuzing burma, qoshi kamonim.

    Sanamlar bor, ba’zan mardlikda o`tar,
    Ba’zi bir erkaklar ayoldan battar,
    Munofiq eng avval do`stini sotar,
    Sen-da bundaylardan yiroq bo`l, jonim,
    Mendan yuzing burma, qoshi kamonim.

    Tog`lardek og`irdir do`stning minnati,
    Ba’zan hayron etar dushman himmati,
    Go`zallik-da mardlik inson ziynati,
    Temurbek himmati ushbu kalomim,
    Mendan yuzing burma, qoshi kamonim.

    Sahar, tong otadur, oppoq tong bugun,
    Do`stlar shodon bo`lib, bayramdur bugun,
    Biz kirgan xonalar bayramdur bugun,
    Shu elga ayondur yaxshi-yomonim,
    O`zing shohiddursan, qodir Xudoyim.