Yomg`ir yog`ar shitirlab,
Nurmi, ipak tolalar.
Bahor kelsa qiqirlab,
Qirga chiqar lolalar.
Lolalar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?

Bizning bo`ston qayda bor,
Shohimardon qayda bor?
So`lim Surxon qayda bor,
Samarqandnon qayda bor-a,
O`zbekiston qayda bor?!

Qalbga taskin izlasang,
Turg`un cholni so`ragin.
“Tanovor”ni tinglasang,
Sel bo`ladi yuraging.
Navolar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?

Bizning bo`ston qayda bor,
Shohimardon qayda bor?
So`lim Surxon qayda bor,
Samarqandnon qayda bor-a?
O`zbekiston qayda bor?!

Ko`ringanni duolar
Qilar bizda momolar,
G`animga ham omonlik
Tilar bizda momolar.
Momolar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?

Bizning bo`ston qayda bor,
O`zbekiston qayda bor?!
So`lim Surxon qayda bor,
Samarqandnon qayda bor-a?
O`zbekiston qayda bor?!

O`zbekiston…

Ko`kni bulut o`raydi,
Yerni yomg`ir allalar,
Rayxon hidin taraydi,
Donga intiq dalalar.
Dalalar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?

Saman yo`rg`a yer chizib,
Toshda omoch sirg`alar,
Oqar oyni oqizib,
Jildir-jildir jilg`alar.
Jilg`alar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?

Qo'shiq haqida ma'lumot

Nomi:
Vatan
Xonanda:
Yulduz Turdieva
Muallif:
Muhammad Yusuf
Bastakor:
Klipmeyker:
Albom:
Yubordi:
Sana:
September 1, 2016