Tanish eshik, qadrdon uy, jonajon hovli,
Ichkariga yo`llanaman dilim orziqib.
Onam peshvoz chiqar chopib, qo`lida chovli,
Norin solib turgan ekan shoshib, hovliqib.

Har gal shunday qaylarnidir kezib kelaman,
Munisginam har safar ham bir ish bilan band.
Qo`li tegmas qo`liga hech, hayron bo`laman,
Qaydan ekan onamdagi shunchalik g`ayrat?

Onajonim, onajonim, bir dam o`tir yonimda,
Norinni qo`y, qo`ni-qo`shni emas gapir o`zingdan.
Onajonim, onajonim, ichikibsan, sog`inibsan,
Hammasini o`qib oldim shundoqqina ko`zingdan.

Onajonim, onajonim, tin olgin biroz,
Mayli, shu on yumushlaring bitmay ham qolsin.
Turma faqat, ishim ko`p deb qilma e’tiroz,
Ko`zlaringning ziyosiga toy bolang qonsin. (x2)

Ayvon sari yetaklaydi so`rab hol-ahvol,
Par yostiqlar qo`yar, to`shar yangi ko`rpacha.
Orom olib bir ozgina, uxlab olaqol,
Norinim ham tayyor bo`lar sen turgungacha.

O`zing o`tir onajonim, norining keyin,
Qo`ni-qo`shni emas, gapir avval o`zingdan.
Ichikibsan, sog`inibsan, yana ne deyin?
Hammasini o`qib oldim shundoq ko`zingdan.

Orom na der, bildingmi sen farog`at nedir?
Nedir beg`am bo Xudo deb yonboshlab yotish?
Yumushlaring zanjiridan chiqib besabr,
Ovsin, ajam, qo`shnilarga biroz gap sotish.

Onajonim, onajonim, bir dam o`tir yonimda,
Norinni qo`y, qo`ni-qo`shni emas gapir o`zingdan.
Onajonim, onajonim, ichikibsan, sog`inibsan,
Hammasini o`qib oldim shundoqqina ko`zingdan.

Onajonim, onajonim, tin olgin biroz,
Mayli, shu on yumushlaring bitmay ham qolsin.
Turma faqat, ishim ko`p deb qilma e’tiroz,
Ko`zlaringning ziyosiga toy bolang qonsin.

Ushbu qo`shiq matni uchun Shahnoza (@shahnoz_art)ga minnatdorchilik bildiramiz.

Qo'shiq haqida ma'lumot

Nomi:
Onajonim
Xonanda:
Jahongir Otajonov
Muallif:
Bastakor:
Klipmeyker:
Albom:
Yubordi:
Sana:
April 19, 2019