• “Dadajon” deb oqshomlari og`rigan qiz,
    Suratlarga termulib-la ovungan qiz,
    O`ksimagin bu hayotning sinovidan,
    Yig`lamagin, otasini sog`ingan qiz.

    Farishtalar soching silab, alla aytsin,
    Armonlaring shodlik bo`lib senga qaytsin,
    O`ylamagin bu hayotning baland-pastin,
    Yig`lamagin, otasini sog`ingan qiz.

    Senga qarab shoir ko`ngli ezilmasin,
    Xafa bo`lma, ko`ngling aslo buzilmasin,
    Ne qilay deb umiding hech uzilmasin,
    Yig`lamagin, otasini sog`ingan qiz.

    Tinch hayoting ba’zan bo`lar ostin-ustun,
    Hofiz bugun senga atab kuylar yozsin,
    Yolg`izman deb aslo ko`ngling buzilmasin,
    Yig`lamagin, otasini sog`ingan qiz.

    Yomon kuning taqdir tushga o`girsaydi,
    To`ylaringda duo qilib o`tirsaydi,
    Atrofingni quvonchlarga to`ldirsaydi,
    Yig`lamagin, otasini sog`ingan qiz.

    “Dadajon” deb oqshomlari og`rigan qiz,
    Suratlarga termulib-la ovungan qiz,
    O`ksimagin bu hayotning sinovidan,
    Yig`lama qiz…

    Ushbu qo`shiq matni uchun Shahnoza (@shahnoz_art)ga minnatdorchilik bildiramiz.