Umrning bevafoligi bor gap. Aka-ukachilik, jigarchilik anqoning urug`i bo`lib borayotgan bir zamonda bedavo dardga chalingan ukasiga jonini bergudek bo`lib, chora izlab topolmagan Namanganlik birodarimiz Olimxonga taskin bo`larmikin degan o`yda bir qo`shiq yozdik.
Eh, qaniydi o`limga chora bo`lgandayu, taskin berishga ehtiyoj bo`lmaganida… Rahmatli Obidxon bebaho yigit edi. Ilohim, oxirati obod bo`lsin. Hoji ota, hoji ona va jamiki yaqinlariga Allohdan sabr-u qanoatlar tilayman.

Ota-onam kuydirib dog`da,
Dardlarga jim chidagan ukam. (x2)
Bedavo dard oldi gul chog`ida,
Dunyolarga sig`magan ukam. (x2)

Jigarlarim ko`p-u jonajon,
Baridan sen eding mehribon.
Yulib ketding jigarni yomon,
Dunyolarga sig`magan ukam.

O`g`illaring qolganda so`rab,
Chidolmayman ko`ziga qarab. (x2)
Bundan ortiq dard bormi, Yo Rab,
Dunyolarga sig`magan ukam. (x2)

Aytganingdek, murg`ak jismini,
Ko`rmay ketding qizing husnini.
“Oyisha” deb qo`ydik ismini,
Dunyolarga sig`magan ukam.

Davo bo`lmas bedavo dardga,
Shuncha dardmi navqiron mardga? (x2)
Bo`yinsungan Haq qo`ygan shartga,
Dunyolarga sig`magan ukam. (x2)

Olim akang dog`ingda ado,
Kunda yig`lab qiladi duo.
U dunyoingni bersin Rabbano,
Dunyolarga sig`magan ukam.

Qo'shiq haqida ma'lumot

Nomi:
Ukam
Xonanda:
Tohir Mahkamov
Muallif:
Bastakor:
Klipmeyker:
Albom:
Yubordi:
Sana:
December 11, 2021